Sayt test rejimida ishlamoqda!
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog‘ida teng huquqlilikni kafolatlaydi.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanishini kafolatlaydi.Xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida haqiqiy tenglikka erishish, jamiyat hayotining barcha sohalarida ularning ishtirokini kengaytirish, jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishni bartaraf etish hamda ularning oldini olish maqsadida davlat tomonidan gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘riladi.

2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan  «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida» O’zbekiston Respublikasining qonuni xotin-qizlarning jamiyatdagi o’rniga qaratilgan huquqiy himoya, huquqiy kafolat sifatida ma’qullandi.

Qonunga muvofiq davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo’yicha Maslahat kengashlarini tuzish belgilangan.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo’yicha Respublika komissiyasining yig’ilish bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida davlat organlarida tashkil etilgan Maslahat kengashlari faoliyatini o’rganib chiqish hamda ularning faoliyat samaradorligini oshirish bo’yicha zarur choralarni belgilash maqsadida Ishchi guruhlar shakllantirilmoqda.

Oʻzbekiston gender tengligi koʻrsatkichi roʻyxatida 2019-yildan boshlab qatnashishni boshladi. 2019-yil holati boʻyicha Oʻzbekistonning gender tengligi koʻrsatkichi roʻyxatdagi 189 mamlakat ichida 62-oʻrinni egalladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) ekspertlarining fikriga koʻra, Oʻzbekistondagi har 100 000 dan 29 ayol gender tengsizlik tufayli vafot etishi va 15-19 yoshdagi har ming oʻspirin qiz uchun tugʻish koʻrsatkichi 23,8 ni tashkil qiladi.

Gender tengligi koʻrsatkichi roʻyxati boʻyicha 62-oʻrinda Oʻzbekiston bilan bir qatorda Kosta-Rika va Urugvay ham 0,288 koʻrsatkichi bilan qayd etilgan. Oʻrta Osiyo davlatlari oʻrtasida Qozogʻiston 44-chi, Qirgʻiziston 82-chi, Tojikiston 70-chi oʻrinlarni egallashgan, Turkmanistonda esa bu roʻyxatda hech qanday maʼlumot koʻrsatilmagan.

Oʻzbekistonda 2019-yil 2-sentabrda 562-sonli Oʻzbekiston Respublikasi „Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida“gi Qonuni qabul qilingan. Oʻzbekistonda Gender tenglik boʻyicha Komissiya 2019-yildan boshlab ish yuritib keladi. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasining raisi hisoblanadi.